Yangiliklar

Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etiladi

Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etiladi

“Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasi obyektlarini barpo etishda buyurtmachi xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etiladi (Kompaniya).

2024–2026-yillarda Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Kompaniya maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi vazifasini bajaradi.

Unga obyektlar uchun markazlashgan holda asosiy qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni (qurilish jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan mebel jihozlari va asbob-uskunalar bundan mustasno) xarid qilish huquqi beriladi. Kompaniya obyektlarning sifatini muntazam nazorat qilib borish maqsadida hududlar kesimida har beshta obyektga kamida bitta texnik nazorat xodimini biriktiradi.

Kompaniyaga mahalliy va xorijiy boshqaruvchi, maslahatchilarni (PMC – Project Management Consultancy) tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflar orasidan tanlab olish va toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali jalb qilish huquqi beriladi.