Yangiliklar

2023-yilda 3,7 mln tonna paxta, 8 mln tonna gʻalla hosili olindi

2023-yilda 3,7 mln tonna paxta, 8 mln tonna gʻalla hosili olindi

Prezident raisligida agrar sohadagi ustuvor vazifalar va rejalarga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi.

Sohada soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida dehqon-fermerlarning manfaati, daromadi oshib, mahsulot koʻpaydi, klaster tizimi rivojlanib, yuqori unumli texnika va chuqur qayta ishlash kirib keldi, yangi navlar va agrotexnologiya koʻpaymoqda.

Jumladan, oʻtgan yili sohada ishlab chiqarish 4,1 foizga oʻsib, 426 trillion soʻmni tashkil qildi. Eksport esa qariyb 2 milliard dollarga yetdi. 152 ming gektar bogʻ va tokzorlar barpo qilindi. 

2023-yil ilk bor 3 million 700 ming tonna paxta, 8 million tonna gʻalla hosili olindi. Bunday raqamlar yaqin tariximizda hech qachon boʻlmagan.

Yer va suv resurslari cheklangan sharoitda qishloq xoʻjaligi masʼullari joriy yilda mutlaqo yangicha ishlashi zarurligi qayd etildi. 

Lekin, tannarxni kamaytirish, yuqori hosil beradigan urugʻ va koʻchatlarni yetkazib berish, sanoat muhitini olib kirish boʻyicha ayrim mutasaddilar va hokimlar yetarlicha ishlamayotgani tanqid qilindi.

Joriy yilda tumanlarga hosildor urugʻlarni yetkazib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga oʻqitib, paxta va gʻallada hosildorlikni yanada oshirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, oʻgʻit tannarxni 15 foizga kamaytirib, qishloq xoʻjaligini 900 ming tonna mineral oʻgʻit bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.