Yangiliklar

Pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatiladi

Pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatiladi
Ilyustrativ foto

Hukumat qarori bilan “Davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqi axborot” kanali xabar berdi.

Unga koʻra, pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy maʼlumotli talabgorlar stajyor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab 1 yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega boʻlishi talab etiladi. Kasbiy sertifikatlash jarayoniga talabgor oʻz muddatida jalb etilishi uchun u faoliyat koʻrsatayotgan davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining rahbari masʼul hisoblanadi.

Talabgor nazorat sinovida qatnashish uchun soʻrovnomani davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borib yoki YAIDXP (my.gov.uz)da toʻldirgan holda roʻyxatdan oʻtadi. Birinchi marta kasbiy sertifikat olish boʻyicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgordan toʻlov undirilmaydi.

Kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovi qoida tariqasida, har yili mart – may oylarida test shaklida oʻtkaziladi. Nazorat sinovi natijasi boʻyicha 56 va undan yuqori ball toʻplagan talabgor nazorat sinovidan oʻtgan hisoblanadi va elektron shakldagi sertifikat uning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etib, yetarli ball toʻplay olmagan talabgor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.