Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qamashi tuman boʻlimi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Gʻ.S.” fermer xoʻjaligi rahbari S.Ch. “B.M.” xususiy korxonasiga qarashli yaylov uchun moʻljallangan 57 gektar yer maydonini tanishlari yordamida fuqaro K.B. ning nomiga ijara shartnomasi asosida olib berishi evaziga 350 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Navoiy shahar boʻlimi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Navoiy viloyati kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyasi yuriskonsulti R.X. (muqaddam sudlangan) fuqaro J.R.ning ishonchiga kirib, Karmana tumani “Yangiariq” MFYda joylashgan kichik sanoat zonasi hududidagi 2,1 gektar yer maydonini “Ye-auksion” elektron platformasi orqali arzon narxda xarid qilib, uning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 93 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Qarshi tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro N.X. tumandagi “Kat” MFY hududida joylashgan, zaxiradagi 6 sotix yer maydonini fuqaro M.A.ga goʻyoki kadastr va soliq idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida rasmiylashtirib berishi evaziga 35 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!