Yangiliklar

Rossotrudnichestvo Sherzod Qudratxo‘jayev bilan barcha aloqalarni to‘xtatdi

Rossotrudnichestvo Sherzod Qudratxo‘jayev bilan barcha aloqalarni to‘xtatdi

Rossotrudnichestvo Milliy media assotsiatsiyasi  rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev bilan barcha aloqalar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bunga sabab sifatida Qudratxo‘jayevning O‘zbekistonda yashaydiganlar o‘zbek tilini bilmasligi haqida bergan bayonoti keltirilgan.

Rossiyaning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, chet elda yashovchi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi hamda Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi Jamoatchilik kengashi raisi Sherzod Qudratxo‘jayev bilan barcha aloqalar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu haqda agentlik rahbari Yevgeniy Primakov telegram kanalida post qoldirgan.

Qayd etilishicha, federal agentlik rahbari Yevgeniy Primakov O‘zbekiston Milliy media assosiasiyasi rahbari Sherzod Qudratxo‘jayevning bayonotlari sabab u bilan soha bo‘yicha aloqalarni to‘xtatgan. Shuningdek, bu “uzilish” Qudratxo‘jayev rahbarlik qilayotgan boshqa tuzilmalarga ham aloqador.

«Toshkentdagi madaniyat markazi, «Rus uyi»ning ko‘plab madaniy, ma’rifiy va ilmiy almashinuv dasturlari, rus tili, san’ati va rus oliy ta’limining O‘zbekiston rezidentlari uchun jozibadorligi haqidagi ishiga asoslanib, janob Qudratxo‘janing rusofob fikrlari O‘zbekistonda mashhur emas. Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi amalda mavjud do‘stlik va ittifoqchilikka asoslangan holda bu gaplarni respublika mas’ul vakillari inkor etishlari oson bo‘ladi», – degan Primakov.

Shuningdek, Primakov Sherzod Qudratxo‘jayevning mamlakatda yashaydiganlar o‘zbek tilini bilishi kerakligi haqida aytgan fikriga javoban, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektorini yomon tarbiya ko‘rgan, deya haqortomus bayonot bergan.

«Ishonchim komilki, Rossiyada ta’lim olishni istagan yuzlab va minglab yoshlar, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘sib borayotgan savdo aylanmasi, turizm, do‘stlik qadriyatlari, o‘zaro yordam, bizni birlashtirgan Ulug‘ Vatan urushining tarixiy xotirasi, zilziladan keyin Toshkentning qayta tiklanishi, bularning barchasi va yana ko‘p narsalar – Qudratxo‘janing ota-onasi tomonidan juda yomon tarbiyalanganini tasdiqlaydi» — degan u.

Federal agentlik rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev va uning yaqinlari Rossiyaga «bora olmasa», ikki tomonlama biznes yurita olmasa, xafa bo‘lmasligini aytgan.

«Ishonchim komilki, janob Qudratxo‘jayev nafaqat o‘zi, balki yaqinlari ham Rossiyada o‘qish, biznes yuritish, stajirovkada qatnashish va hokazo imkoniyatini qo‘lga kirita olmasa, xafa bo‘lmaydi.

O‘zbekiston va uning xalqiga samimiy simpatiya bilan Yevgeniy Primakov», degan u.

Ma’lumot uchun avvalroq Sherzod Qudratxo‘jayev mamlakatda yashab turib, o‘zbek tilini bilmaydigan, uni hurmat qilmaydiganlarni tanqid qilib, ular yo bosqinchi yo ahmoq bo‘ladi, mazmunida fikr bildirgan edi.