Yangiliklar

2023-yilda nazoratdan oʻtkazilgan 762 ming 855 ta yuk mashinasining 1909 tasi meʼyoridan ortiq yuk bilan harakatlangani aniqlangan

2023-yilda nazoratdan oʻtkazilgan 762 ming 855 ta yuk mashinasining 1909 tasi meʼyoridan ortiq yuk bilan harakatlangani aniqlangan
Ilyustrativ foto

AOKAda oʻtkazilgan brifingda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva 2023-yilda nazoratdan oʻtkazilgan 762 ming 855 ta yuk mashinasining 1909 tasi meʼyoridan ortiq yuk bilan harakatlangani aniqlanganini maʼlum qildi.

2024-yilda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 91 300 ta yuk avtotransport vositalari nazoratdan oʻtkazilib, shundan, 517 ta yuk transport vositalari meʼyoridan ortiq yuk bilan harakatlangan. Hududlar kesimida misol qilib oladigan boʻlsak, joriy yilda Qamchiq dovonida 89 616 ta yuk avtotransport vositasi nazoratdan oʻtkazilgan va 189 ta qoidabuzarlik aniqlangan.

Eng koʻp qoidabuzarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda, transport vositalarining vazn parametrlarini nazorat qilish maqsadida Qamchiq dovonidan oʻtuvchi A373 avtomobil yoʻlining 193 va 273 km.da, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidan oʻtuvchi A380 avtomobil yoʻlining 661 km hamda 4R160 avtomobil yoʻlining 0,6 km.da statsionar tarozilari faoliyati tashkil etilgan boʻlsa, qolgan hududlarda koʻchma nazorat punktlari faoliyati Transport nazorati inspeksiyasi va Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati inspektorlari bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan.