Ayni paytda Xonobod shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda. Davlat rahbari viloyat jadal surʼatda rivojlanayotgani, sanoati boʻyicha respublikada toʻrtinchi oʻringa koʻtarilganini qayd etdi.
Viloyat yiliga 280 ming tonna paxta, 530 ming tonna gʻalla va 2,5 million tonna meva-sabzavot yetishtiradi. Shu bilan birga, Andijonda hali ishga solinmagan imkoniyatlar va salohiyat juda katta ekani koʻrsatib oʻtildi.
Davlat rahbari qurilish sohasiga toʻxtalib oʻtdi. Joriy yilda Andijonda 190 ta koʻp qavatli uy-joy qurib, 7 mingta oilani yangi xonadon bilan taʼminlash zarurligi qayd etildi. Asaka tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivini tashkil etib, 68 ta uy qurish, Shahrixon tumanini ham “Yangi Oʻzbekiston” massivlari dasturiga kiritish rejalashtirildi. Umuman, Andijon, Asaka va Shahrixon shaharlarida urbanizatsiya dasturi amalga oshirilishi, aholisi 100 mingdan oshadigan Asaka va Shahrixon shaharlari viloyat boʻysunuviga oʻtkazilishi belgilandi. Ipoteka dasturi uchun Andijonga qoʻshimcha 100 million dollar ajratiladi.
Viloyatda transport xizmatlarini yaxshilash maqsadida mutasaddilarga:
- “Xonobod – Andijon – Izboskan – Asaka” temir yoʻl aylanmasida poyezd qatnovini yoʻlga qoʻyish;
- “Andijon – Qoʻqon”, “Andijon – Toshkent”, “Andijon – Termiz” va “Andijon – Qoʻngʻirot” yoʻnalishlarda poyezd qatnovini 2 karra oshirish;
- “Andijon – Shahrixon”, “Andijon – Asaka” va “Andijon – Doʻstlik” yoʻnalishida avtobus qatnovini 2 barobar koʻpaytirish topshirildi.
Viloyatda 35 ta transformator katta yuklama bilan ishlayotgani, Boʻston va Ulugʻnor tumanlarida elektr taʼminotidagi uzilishlar koʻpaygani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois Shahrixondagi podstansiyadan 23 kilometr elektr tarmogʻini tortib, 2 ta yangi podstansiya qurish topshirildi. Shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Asakada 150 megavatt, kelasi yili 100 megavatt elektr saqlash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan, Andijon tumanida jami quvvati 400 megavatt boʻlgan quyosh stansiyalari qurilishi boshlanadi.
Ikki yilda 3 ta kichik va mikro GES qurilishini yakunlash, hindistonlik hamkorlar bilan “Shahrixonsoy” kanalida kinetik turbinali 2 ta mikro GESni ishga tushirish muhimligi taʼkidlandi. Germaniya, Kanada, Koreya, Yaponiyadan ishchilarga buyurtma bor, nomzodlar uchun asosiy talab, bu – til bilish. Lekin Andijonda chet tilini yaxshi biladigan 1,5 mingga yaqin yoshlar bor, xolos.
Shu munosabat bilan xorijdagi ish beruvchilar talabi asosida 5 ming yoshlarni davlat va xususiy markazlarda kasb va tilga oʻqitish, 1 ming nafar oʻrta tibbiyot xodimini Germaniyaga maqsadli tayyorlash muhimligi qayd etildi. Iqtisodiyot va moliya, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirliklariga chet tili sertifikati olgan yoshlarga oʻqish xarajatini 50 foizgacha qoplashni yoʻlga qoʻyish, nemis va fransuz tili boʻyicha B-2 sertifikatini olgan har bir oʻquvchi uchun xususiy oʻquv markazlarini subsidiyalash tartibini joriy etish topshirildi.
Raqamlashtirish vazirligiga viloyat IT eksportini 50 million dollarga yetkazib, kamida 1 ming nafar dasturchiga xalqaro bozorga chiqishga koʻmaklashish vazifasi qoʻyildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!