Yangiliklar

“Biz koʻproq maʼlumotga ega boʻlmagunimizcha va bu maʼlumotlar tasdiqlanmaguncha qoʻshimcha izoh berishdan oʻzimizni tiyamiz” – Oq uy

“Biz koʻproq maʼlumotga ega boʻlmagunimizcha va bu maʼlumotlar tasdiqlanmaguncha qoʻshimcha izoh berishdan oʻzimizni tiyamiz” – Oq uy

Amerika maʼmuriyati hozircha Aleksey Navalniyning oʻlimi bilan bogʻliq xabarlarga izoh bermaydi, aslida, nima boʻlgani haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishga urinilmoqda. Bu haqda AQSH prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha yordamchisi Jeyk Sallivan Milliy jamoat radiosi (NPR) orqali qilgan chiqishida maʼlum qildi.

“Nima boʻlgani haqida aniq maʼlumot yoʻq, bizda bu borada bir qator savollar bor. Biz koʻproq maʼlumotga ega boʻlmagunimizcha va bu maʼlumotlar tasdiqlanmaguncha qoʻshimcha izoh berishdan oʻzimizni tiyamiz”, — dedi Sallivan.

AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenga koʻra, voqea Navalniy taqdiridan xavotirda boʻlgan boshqa koʻplab davlatlar bilan muhokama qilinadi.

“Birinchi navbatda, agar bu xabarlar toʻgʻri boʻlsa, Navalniyning rafiqasi va oilasiga hamdardlik bildiramiz. Qolaversa, uning oʻlimi Putin qurgan tizimning negizidagi zaiflik va chiriyotganlikni koʻrsatadi. Rossiya buning uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi kerak. Biz buni Aleksey Navalniy taqdiridan xavotirda boʻlgan boshqa koʻplab davlatlar bilan muhokama qilamiz, ayniqsa, bu xabarlar haqiqat boʻlib chiqsa”, — degan Blinken.