Yangiliklar

Dam olish kunlari ayrim hududlarda havo harorati -17 darajaga tushadi

Dam olish kunlari ayrim hududlarda havo harorati -17 darajaga tushadi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Oʻzbekiston hududiga oʻtgan kechasi sovuq havo massalari kirib kelishi boshlandi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va respublikaning choʻl hududlarida shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchaydi, baʼzi joylarda shamol kuchayishi 28 m/s ga yetdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Navoiy viloyati shimolida havo harorati ertalab 11-17 daraja sovuqqacha pasaydi.

Bugun sovuq havo massalari respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi. Kun davomida hududning katta qismida harorat 0-5 daraja iliqqacha pasayishi kutilmoqda, shimolda harorat 3-8 daraja sovuq atrofida boʻladi. Shanba va yakshanba kunlari kechalari harorat 3-8 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 3 daraja sovuq, 2 daraja iliq atrofida, baʼzi joylarda 5 daraja iliqqacha boʻladi. Shimolda harorat kechalari 11-16 daraja sovuq, 3-8 daraja sovuq boʻladi.

Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida bugun kunduzi yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi, yomgʻir qorga aylanadi. Dam olish kunlari Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida asosan qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi.

Shamol shimoli-sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, 16-17-fevralda baʼzi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda baʼzida 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Respublikaning togʻli hududlarida vaqti-vaqti bilan qor yogʻadi, 16-fevralda baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Qor koʻchishi xavfi bor. Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushadi. Yoʻllarda baʼzi joylarda yaxmalak kuzatiladi.

Poytaxtda bugun kunduzi vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Dam olish kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol shimoli-sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayadi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Bugun kunduzi harorat 0-3 daraja iliq, shanba va yakshanba kunlari kechalari 3-5 daraja sovuq, kunduz kunlari 1 daraja sovuq, 2 daraja iliq boʻladi.