Ittifoqchilar va bir qator tashkilotlarning aytishicha, G‘azo janubida boshpana topgan falastinlik tinch aholi xavfsizligi birinchi o‘rinda.
Chorshanba kuni ko‘chirilgan falastinliklar uchun chodirlar G‘azo sektori janubidagi Rafah shahri bo‘ylab tarqaldi. G‘azo sektorining janubidagi Rafah shahrida 14-fevral kuni ko‘chirilgan falastinliklar uchun yoyilgan chodirlar. Fransiya-Press agentligi. Getty Images.
So‘nggi kunlarda Isroilning G‘azo janubidagi Rafahga hujum qilish rejalari yuzasidan butun dunyoda xavotir kuchaydi, chunki Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Rafah shahriga bostirib kirishni aytib o‘tdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektori aholisining yarmidan ko‘pi Rafahga ko‘chirilgan. Ular hozir G‘azoning eng janubiy chekkalarida vaqtinchalik chodirlarda yashamoqda. Ularga oziq-ovqat va suv yetkazib berilgan.
Benyamin Netanyaxu Isroil harbiylariga hujum boshlanishidan oldin tinch aholini Rafahdan evakuatsiya qilish rejalarini ishlab chiqishni buyurgan, ammo inson huquqlari guruhlari xalqaro qonunlarga muvofiq bunday miqyosdagi evakuatsiyani amalga oshirish imkoniyati kamligini aytdi. Ular, shuningdek, Rafah G‘azoga yordam ko‘rsatishning asosiy yo‘li bo‘lgani uchun u yerdagi har qanday harbiy amaliyotlar halokatli oqibatlarga olib kelishini aytishdi.
Hujumga qarshi ogohlantirishlar dunyoning deyarli barcha burchaklaridan, jumladan, Isroilning eng kuchli ittifoqchilaridan kelib tushmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari: Rafahga ko‘chirilgan tinch aholi xavfsizligini ta’minlash uchun ularga hujum qilish rejasiz bo‘lmasligi kerak, dedi Prezident Bayden Isroil Bosh vaziri Netanyaxuga yakshanba kuni telefon orqali suhbatda.
Qo‘shma Shtatlar Isroil armiyasining asosiy moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchisi va uning eng sodiq diplomatik ittifoqchisidir.
Janubiy Afrika: Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy sudi bo‘lgan Gaagadagi Xalqaro Sudidan Janubiy Afrika hukumati Isroilga qarshi navbatdagi favqulodda choralarni ko‘rib chiqishni so‘radi.
Britaniya: Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron “Rafahda bo‘layotgan voqealardan juda xavotirda” va Isroildan “to‘xtab, hujum qilishdan oldin jiddiy o‘ylab ko‘rishi kerakligini” bildirgan. “Odamlar orasida urush qilishning iloji yo‘q. Ular uchun borishga boshqa joy yo‘q”, deya qo’shimcha qilgan Devid Kemeron.
Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi: Fransiya Rafahdagi hujumga qat’iy qarshi, Prezident Emmanuel Makronning idorasi prezident Netanyaxuga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilganini aytdi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Baerbok hujum “insonparvarlik falokati” bo‘lishini ta’kidlagan, Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde esa bu “insonparvarlikni amalda imkonsiz qilib qo‘yishi” haqida ogohlantirdi.
Yevropa Ittifoqining bosh diplomati Xosep Borrell Fontelles Isroil Rafahgahujumdan oldin barcha tinch aholini muvaffaqiyatli evakuatsiya qilishi mumkin degan fikrni qoralab, “Shu hafta ular evakuatsiya qilmoqchimi? Qayerga? Oygami?” deya istehzo aralash gapirgan.
Yaqin Sharq davlatlari: G‘azo bilan chegaradosh Misr, yana bir muhim vositachilardan biri Qatar, shuningdek, Iordaniya va Saudiya Arabistoni ham Isroilni Rafahga bostirib kirishdan ogohlantirgan.
Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya: Uch davlatning bosh vazirlari qo‘shma bayonot chiqarib, Isroilning Rafah bo‘yicha rejalari nuqtai nazaridan “zudlik bilan gumanitar otashkesim”ga chaqirib, hujumga qarshi xalqaro yakdillik kuchayib borayotganini qo‘shimcha qildi. “Isroil oʻz doʻstlarini va xalqaro hamjamiyatni tinglashi kerak”, deyiladi bayonotda. “Tinch aholini himoya qilish eng muhim va xalqaro gumanitar huquqning talabidir” deya ta’kinlangan mazkur bayonotda.
Ogohlantirishlar BMTning yuqori mansabdor shaxslari va yordam guruhlari tomonidan ham kelgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti: Birlashgan Millatlar Tashkilotining yordam bo‘limi boshlig‘i Martin Griffitsning aytishicha, “Rafahdagi falastinliklar o‘limning yuziga tik boqmoqda va u yerdagi harbiy amaliyotlar qirg‘inga olib kelishi mumkin”. Shuninfdek, “Isroil hukumati bu chaqiriqlarni eʼtiborsiz qoldirishda davom eta olmaydi” deb qo’shimcha qilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kotibi Volker Turkning aytishicha, Rafahga bostirib kirish anklavga kirib kelayotgan “ozgina” insonparvarlik yordamiga barham berishi va barcha odamlar uchun xavfli oqibatlar keltirishi mumkin.
BMT Bosh matbuot kotibi Stefan Dyujarrik “BMT evakuatsiya harakatlariga yordam beradimi?”, degan savolga, “BMT majburiy ko‘chirilish tarafdori emas” deb javob berib o’tgan.
Xalqaro jinoiy sud: Gaagadagi sud bosh prokurori Karim Xon Isroilning Rafahdagi potentsial hujumidan juda xavotirda ekanini aytdi va Isroilning xatti-harakatlarida sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rmaganini ta’kidladi. “Qonunga rioya qilmaganlarga idoram o‘z vakolatlari doirasida chora ko‘radi”, dedi bosh prokuror.
Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi: “Son-sanoqsiz insonlar hayoti xavf ostida turibdi”, dedi XQXK. Shuningdek, “Xalqaro gumanitar huquq barcha tinchaholini jangovar harakatlar ta’siridan himoya qiladi, shu jumladan Rafahni tark eta olmaydiganlarni ham”, deya aytib o‘tgan.
“Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro tashkiloti: “Isroilning Rafahdagi hujumi davom etmasligi kerak”, dedi xayriya tashkiloti rahbari Mayni Nikolay. AQSh va Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgan boshqa hukumatlarni urushni to‘liq to‘xtatish uchun aniq choralar ko‘rishga chaqirdi.
Xalqaro “Bolalarni qutqarish” tashkiloti: “Xalqaro hamjamiyatning aksariyati shu paytgacha bolalarni himoya qilish majburiyatlarini bajara olmadi”, dedi tashkilot. Shuningdek, ular Rafahda 610 000 falastinlik bolalar borligidan ogohlantirdi. “Bu hamma uchun eng og‘ir sinovdir”, deb aytib o‘tgan mazkur tashkilot.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!