Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024-yilning yanvar oyida Toshkent shahrida taklif etilgan uy-joy ijara narxlarini tahlil qildi.
Unga koʻra, 2024-yil yanvar oyida 2023-yil dekabr oyiga nisbatan Toshkent shahrida oʻrtacha taʼmirlangan turkumdagi xonadonlar ijara narxlarida oʻrtacha 0,2% tushish hamda toʻliq taʼmirlangan turkumdagi uy-joylar ijara narxlarida 0,5% oʻsish kuzatildi.
Oʻrtacha taʼmirlangan sinfdagi 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari 2023-yilning dekabr oyiga nisbatan oʻrtacha 1,2% ga pasayib, $395 ni, 2 xonali xonadonlar ijara narxlari esa 0,2% ga arzonlab ($442) tashkil etgan, lekin ushbu turkumdagi 3 xonali uylarning ijara narxlari 0,1%ga ($516) hamda 4 xonali uylarning oʻrtacha ijara narxlari 0,4% ga ($597) oshgan.
Maʼlumot uchun, 2023-yil noyabr oyidan buyon 2024-yil yanvar oyigacha oʻrtacha taʼmirlangan 1 va 2 xonali uylar uchun oʻrtacha ijara narxlari mos ravishda 1,5% ($401 dan $395ga) va 2,2%ga ($452 dan $442ga) tushib kelmoqda.
Yanvar oyida toʻliq taʼmirlangan 1 xonali uylar uchun oʻrtacha ijara narxlari 0.16%ga qimmatlab $477 ni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2 xonali uylar uchun 0.2%ga ($654), 3 xonali uylar uchun 1% ($791) hamda 4 xonali uylar uchun 0.6% ($915) ni tashkil etgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!