Yangiliklar

208 ta tuman va shaharning “oʻsish nuqtalari”ni aniqlanadi va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar tayyorlanadi

208 ta tuman va shaharning “oʻsish nuqtalari”ni aniqlanadi va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar tayyorlanadi

Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni hududlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu haqda shu yil yanvarda makroiqtisodiy barqarorlik tahlili boʻyicha oʻtgan videoselektor yigʻilishida topshiriq berilgan edi. Unga muvofiq, hududlarda ishga solinmagan qoʻshimcha imkoniyatlar, tadbirkorlarning muammo va takliflari oʻrganildi.

Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor kanaliga qoʻshimcha nasos va lotoklar oʻrnatish orqali Qarshi tumanida 600 gektar yerni oʻzlashtirish mumkin. Bu kastor loviyasi yetishtirib, uning moyini ishlab chiqarish, 1 ming 400 kishining bandligini taʼminlash imkonini beradi.

Ayrim sanoat zonalarida infratuzilma quvvatini yaxshilash zarur. Shu maqsadda joriy yilda byudjetdan 1,5 trillion soʻm ajratilishi belgilangan. Buning natijasida mazkur zonalarning jozibadorligi oshib, korxonalar faoliyati kengayadi va ish oʻrinlari koʻpayadi.

Sanoat korxonalariga yaqin boʻsh maydonlarda quyosh panellari oʻrnatib, ularga qoʻshimcha energiya yetkazib berish hamda tizimdagi yuklamani yengillatish imkoniyati bor.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari korxonalar faoliyatiga ijobiy taʼsir qilgan. Masalan, tekstil uchun boʻyoq importida bojxona imtiyozi qoʻllanilgani hisobiga trikotaj mato, koʻylak, kostyum-shim tannarxi arzonlashgan. Taqdimotda ushbu imtiyozlar muddatini uzaytirish orqali erishilgan natijalarni mustahkamlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, tegishli meʼyoriy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Mutasaddilarga barcha 208 ta tuman va shaharning “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.