Prezident raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida sogʻligʻi, hayoti xavf ostida boʻlgan, yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramogʻiga olish boʻyicha “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etiladi. Tutingan oila maxsus sertifikatga ega 30 yoshga toʻlgan odamlar tomonidan tashkil etilib, unga 3-5 nafargacha bolalar qabul qilinadi.
Ixtisoslashgan 160 ta taʼlim muassasasida bosqichma-bosqich “gʻamxoʻrlik” guruhlari tashkil qilinadi. Yaʼni, ogʻir kasalligi bor bolalarga shu guruhlarda qarash orqali, ota-onalariga ishlashi uchun sharoit yaratib beriladi. Ota-onasidan ayrilgan yoshlarni hayotda oʻz oʻrnini topib ketishi uchun koʻmaklashish tizimi ham oʻzgaradi. Endilikda “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida bunday yoshlarni qoʻllab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi (hozirda 18 yosh).
Yigʻilishda Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlari ishini oʻzgartirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bu markazlarni tarbiyasi ogʻir bolalarning muammolari bilan ishlab, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish boʻyicha kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatadigan maskanga aylantirish lozimligi qayd etildi. Mutasaddilarga bunday markazlarni “Hayot maktabi” sifatida qayta tashkil etish topshirildi.
Yetim va ota-ona qaramogʻisiz boʻlgan yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarishiga koʻmaklashish uchun ularni tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻqitish, dehqonchilik uchun yer berish muhimligi taʼkidlandi. Vazirlar Mahkamasiga oliygohni tamomlagan, ota-ona mehridan mahrum boʻlgan yoshlarni davlat tashkilotlariga ishga joylashtirish boʻyicha tizim yaratish topshirildi.
Bunday yoshlarga uy-joy berish tizimi ham tubdan qayta koʻrib chiqiladi. Bunda “Inson” markazlari tomonidan haqiqatda uy-joyga muhtoj yoshlar roʻyxati shakllantiriladi, ularga beriladigan uy-joyning narxi bozor bahosidan kelib chiqib, hududlar kesimida belgilanadi. Shundan kelib chiqib, joriy yilda bu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar 140 milliard soʻmga yetkaziladi.
Mutasaddilarga 1-iyunga qadar navbatda turgan 500 nafar yetim bolalarni uy-joy bilan taʼminlash topshirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!