Yangiliklar

Oʻzbekistonning bir nechta hududida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

Oʻzbekistonning bir nechta hududida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Denov tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro S.F. jami 40 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini fuqaro A.A.ga 3,8 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentining Davlatobod, Toʻraqoʻrgʻon, Uchqoʻrgʻon tumani boʻlimlari tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda “D.Ph.” “E.i.”, “T.f. ”MCHJga qarashli dorixonalarning sotuvchilari hech qanday hujjatsiz xaridorlarga jami 80 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonalardan yana 387 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda esa, “S.F.” va “G.Ph.” MCHJlarga qarashli dorixona sotuvchilari xaridorlarga jami 94 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 1,5 mln soʻmga shifokor retseptsiz sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.