Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika isteʼmolchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar koʻrilmoqda.
“Xususan, gaz bosimining kamayganini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida mamlakatimizdagi barcha metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bugundan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avvaldan belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda.
Metan zapravkalar bilan bogʻliq vaziyat haqida kun davomida mahalliy hokimliklar axborot resurslarida, shuningdek, “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining rasmiy axborot manbalari orqali xabar qilib boriladi.
Kecha mamlakatimizdagi 407 ta metan zapravka orqali ijtimoiy sohalar – tibbiyot muassasalari, jamoat transportlari hamda shu kabi boshqa obyektlarga tegishli avtomobillarga 2 million 607 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.
Avtobenzin va dizel yonilgʻisi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 21-fevral kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalariga 4 ming 501 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida sotish uchun qoʻyilgan 9 ming 110 tonna avtobenzinning 4 ming 276 tonnasi, 2 ming 100 tonna dizel yonilgʻisining esa 1 ming 308 tonnasi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari oʻrnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti», — deyiladi maʼlumotda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!