Yangiliklar

Dam olish kunlari ham sovuq boʻladi, ayrim hududlarda qor yogʻishi kutilmoqda

Dam olish kunlari ham sovuq boʻladi, ayrim hududlarda qor yogʻishi kutilmoqda
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bugun va dam olish kunlari Oʻzbekiston hududi boʻyicha havo harorati meʼyordan 3-5 darajaga past boʻlgan nisbatan sovuq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

Kechalari 0-5 daraja sovuq, baʼzi joylarda 2 daraja iliqqacha, kunduz kuni 23-fevralda 2-7 daraja iliq, 24-25-fevralda 0-5 daraja iliq atrofida boʻladi. Shimolda kechalari 7-12 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja iliq boʻladi.

Bugun 23-fevralda respublika hududi boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyatida baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. 24-25-fevral kunlari respublikaning koʻpchilik hududlarida vaqti-vaqti bilan asosan qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi, faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm Surxondaryo viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.

Togʻli hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yogʻadi. Qor koʻchishi xavfi bor. Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushadi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, 24-25-fevralda 15-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Yoʻllarda baʼzi joylarda yaxmalak kuzatiladi.

Poytaxtda bugun kunduzi vaqti-vaqti bilan biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Harorat 3-5 daraja iliq boʻladi. Shanba kuni vaqti-vaqti bilan qor yogʻadi. Shamol gʻarbdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 1 daraja sovuq, 1 daraja iliq, kunduzi 1-3 daraja iliq boʻladi.

Yakshanba kuni biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin. Harorat kechasi 3-5 daraja sovuq, kunduzi 2-4 daraja iliq boʻladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esdi.