Yangiliklar

Navoiydagi maktabda oʻquvchi bolalarning sochi olindi

Navoiydagi maktabda oʻquvchi bolalarning sochi olindi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Navoiy shahridagi 2-umumtaʼlim maktabida oʻgʻil bola oʻquvchilarning ommaviy ravishda sochini olish “tadbiri” oʻtkazilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz nashri. 

Maʼlum qilinishicha, holat bugun, 23-fevral kuni boʻlgan. Xabarga koʻra, maktab direktori Nurqobil Yusupov tashabbusi bilan maktabga sartarosh chaqirilgan hamda turli sinflardan oʻgʻil bola oʻquvchilar sport zalga yigʻilib, sochi olingan. Jarayonni milliy gvardiya xodimlari ham kuzatib turgan.

Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Raʼno Hayitova bilan bogʻlangan. Boshqarma boshligʻiga koʻra, bu holatni umuman oqlab boʻlmaydi.

“Maktabga hozir odam joʻnatdim. Oʻzi kecha gaplashgandim shu maktab direktori bilan. Ushbu maktab faoliyatini toʻliq oʻrganamiz. Bu holat umuman mumkin emas. Bunday direktor ishda qolishi ham mumkin emas aslida. Maktabda oʻquvchining sochiga tegishga umuman haqqi yoʻq. Pedagogning etika qoidasiga toʻgʻri kelmaydi bu”, deya holatni izohladi boshqarma boshligʻi.

Navoiy viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi matbuot kotibi Ramazon Kubayevning taʼkidlashicha, milliy gvardiya xodimlari maktab direktorining bu tashabbusiga qarshi boʻlishgan.

“Biriktirilgan xodimlarimiz davomat nazorati uchun maktabga borganida ushbu holatning ustidan chiqishgan. Bu, albatta, mumkin emas. Shu sababli maktab direktoriga jarayonni toʻxtatishni hamda oʻquvchilarni darsga qaytarishni aytishgan”, deydi Ramazon Kubayev.