Yangiliklar

1-iyundan boshlab “Yosh tadbirkor” tanlovlari oʻtkaziladi

1-iyundan boshlab “Yosh tadbirkor” tanlovlari oʻtkaziladi
Ilyustrativ foto

Prezidentning “ “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. 

Unga koʻra, 2024-yil 1-iyundan boshlab “Yosh tadbirkor” tanlovlari oʻtkaziladi. Unda:

  • Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tanlov asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va gʻoyalari saralanadi. Bunda, nogironligi boʻlgan yosh tadbirkorlarning loyiha va gʻoyalariga alohida eʼtibor qaratiladi;
  • respublika bosqichida saralashdan oʻtgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi;
  • gʻolib boʻlgan biznes loyiha va gʻoyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Bundan tashqari, 2024-yil 1-martdan boshlab “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etiladi.

Ushbu dastur doirasida mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan mahalla faollari ishtirokida axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga oʻqitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etish, sertifikat olgan yoshlar toʻgʻrisida maʼlumotlar Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy qilinadi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan maxsus axborot tizimiga kiritilgan yoshlarni IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yoʻnaltirish va ishga joylashtirishga koʻmaklashish choralari koʻriladi.