Yangiliklar

Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi

Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi
Videodan skrin

Guliston shahrida yashovchi, 1964 va 1976-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs oʻzaro til biriktirib, hozirda Guliston tumani hokimiyati zaxirasida boʻlgan 38 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga olib berish hamda ushbu yer maydonida koʻp qavatli uy-joy qurish uchun mansabdor tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming AQSH dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Guliston shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular oldindan 50 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga 2018-2021-yillarda Guliston tumani hokimi lavozimida ishlagan shaxs ham aloqador ekanligi aniqlandi.

Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari va hisobchisi oʻzaro til biriktirib, mazkur xoʻjalikka 49 yil muddatga ijaraga berilgan 3 gektar yer maydonini xaridorga 70 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 35 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Bu yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazishdi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari mazkur tumandagi klasterga tegishli 66,32 gektar yaylov yerlaridan ikkilamchi ijara shartnomasi asosida foydalanib kelayotgan boʻlsada, ushbu shartnomani bekor qilib, klaster rahbarlari orqali 57 gektar yaylovni xaridor nomiga ijara asosida rasmiylashtirib berish evaziga 500 mln. soʻm talab qiladi.

Ammo, u soʻralgan pul mablagʻi hisobidan 20 ming AQSH dollari va 100 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Shahrisabz tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimligi zahirasida boʻlgan 50 gektar sugʻoriladigan yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridorga 1 yil muddatga, tegishli hujjatlarsiz foydalanish uchun olib berish evaziga 500 mln. soʻm talab qilib, oldindan 150 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur pul mablagʻining bir qismini oʻzining jinoiy sherigi boʻlgan, paxta-gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbariga berishi kerakligi aniqlanib, ushbu shaxs ham 20 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Taʼkidlash lozimki, agrofirma rahbari ham, klaster rahbari ham muqaddam sudlangan boʻlsalarda, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida yashovchi, 1975-y.t. fuqaro oʻzining turmush oʻrtogʻiga tuman hokimining 2010-yildagi qarori asosida dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan 30 sotix yer maydonini goʻyoki 40 sotix deb aytib, xaridorga 280 mln soʻmga sotishga kelishadi.

Ammo, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dallillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.