Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tuman boʻlimi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda Nukus shahri “Janabazar” MFY hududidagi xonadonda yashovchi R.B. oʻz uyida qoʻlbola usulda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelib, fuqaro Z.D.ga jami 96 dona “Qaratau” nomi ostidagi aksiz markasiz alkogol mahsulotini 2,7 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, uning koʻrsatuviga asosan Nukus shahri va Toʻrtkoʻl tumanida davom etgan tadbirlarda qalbaki alkogol mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan B.I. va I.Q. jami 1 110 dona “Qaratau” nomli qoʻlbola alkogol mahsulotlarini oʻtkazish maqsadida olib kelgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Koʻkdala tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.O. hech qanday hujjatsiz 60 dona “SHAHRISABZ” nomli alkogol mahsulotini fuqaro A.A.ga sotgan vaqtida ushlanib, undan jami 2 turdagi 336 dona isteʼmolga yaroqsiz va qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!