Yangiliklar

Advokat, transport boshqarmasi bosh mutaxassisi va hokimlik xodimining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi

Advokat, transport boshqarmasi bosh mutaxassisi va hokimlik xodimining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi
Videodan skrin

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro shahridagi advokatlik byurosi advokati, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida, prokuratura organlaridagi mansabdor tanishlari orqali yengillik yaratib berish evaziga 100 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi va Ichki ishlar vazirligining Jizzax viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, viloyat Transport boshqarmasining Tenderlar oʻtkazish boʻlimi bosh mutaxassisi Forish tumanida yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi xususiy korxonaga davlat tomonidan berilgan “ISUZU” avtobusini sotish huquqi boʻlmasada, jismoniy shaxsga 6,6 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Chinoz tumani hokimligi xodimi tumandagi kam taʼminlangan oilalarga imtiyozli kredit asosida berilgan uylardan birining egasini xabardorligisiz, u kredit toʻlovlarini amalga oshirmayotganligini roʻkach qilib, ushbu xonadonni bank balansiga qaytarish orqali, boshqa bir fuqaro nomiga egalik huquqini beruvchi qaror chiqartirib, kredit rasmiylashtirib berish evaziga 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.