Bolalar ombudsmani kotibiyatiga Buxoro viloyatida yashovchi 15 yoshli M.M. (oʻgʻil bola) dan murojaat kelgan. Aytilishicha, M.M. ning onasi unga uzoq vaqt davomida tazyiq oʻtkazib kelgan boʻlib, shu sababli bola 2023-yildan buyon onasidan alohida, buvisi qaramogʻida yashab kelgan. Shuningdek, M.M. uning otasi aliment majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmaganligi uchun ozodlikdan mahrum qilinganligini bildirib, singlisi va oʻzini onasi qaramogʻiga berilishiga yoʻl qoʻymaslik masalasida amaliy yordam soʻragan.
Bolalar ombudsmanining soʻrovi asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan mazkur oilaning ijtimoiy vaziyati atroflicha oʻrganildi. Jumladan, Buxoro viloyati Jondor tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi holatni oʻrganishi davomida haqiqatdan ham bolaning ustun manfaatlarini ona emas, buvisi taʼminlay olishi toʻgʻrisidagi berilgan xulosasi asosida M.M. ga va uning singlisiga buvisi rasmiy ravishda vasiy etib belgilandi.
“Mazkur oilaning ijtimoiy masalalari kelgusida ham Bolalar ombudsmani va mutasaddilar kuzatuvi ostida boʻlib, zarur hollarda tegishli koʻmak koʻrsatish choralari koʻriladi”, — deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!