Prezident Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish boʻyicha 2024-yil uchun ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazmoqda.
Tahlillarga koʻra, yurtimizda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga boʻlgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortigʻi bilan qoplashga yetarli ekani taʼkidlandi.
Shunday ulkan imkoniyatni ishga solish masalasiga ancha yillar davomida eʼtibor berilmay kelingani, lekin soʻnggi yillarda bu sohada huquqiy baza yaratilgani tufayli investorlar uchun jozibador muhit shakllangani qayd etildi.
“Yashil energiya” manbalarini barpo qilish boʻyicha yurtimizda katta dasturlar boshlandi. Bugungi kunga qadar sohaga 2,1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Deyarli barcha viloyatlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.
Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushdi.
Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida 183 megavattli 6 ta yirik va kichik GESlar foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarga tegishli binolar va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 457 megavattli quyosh panellari oʻrnatildi.
Natijada qoʻshimcha 5 milliard kilovatt-soat ekologik toza elektr ishlab chiqarish va 1,5 milliard kub metr gazni tejash imkoniyati yaratildi.
Bu sohada boshlangan keng qamrovli ishlar mahalliy korxonalarda transformator, har xil turdagi kabellar, isitish kollektorlari, quyosh paneli, izolyator, metall ustunlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishga ham katta turtki berdi.
«Bir soʻz bilan aytganda, “yashil” energetika ham iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga, ham chinakam “umummilliy harakat”ga aylandi”, – dedi davlatimiz rahbari.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!