Yangiliklar

BBC oʻzbek xizmati jurnalisti Ibrat Safo Chilonzordagi IIBga “suhbatga” chaqirildi

BBC oʻzbek xizmati jurnalisti Ibrat Safo Chilonzordagi IIBga “suhbatga” chaqirildi

BBC oʻzbek xizmati jurnalisti Ibrat Safoning Facebook sahifasida yozishicha, u Toshkent shahri Chilonzor tumani Ichki ishlar boʻlimiga “suhbatga” chaqirilgan. 

Unga koʻra, u 2017-yildan beri Chilonzorda “propiska”da turmaydi va uni topish uchun ikki marta 58 yoshli nafaqadagi oʻqituvchi opasi bezovta qilingan. 

Jurnalistni qidirgan Chilonzor tuman IIB xodimi “Jasur” toʻliq ism-sharifini aytishdan bosh tortgan.

“Jasur”ga koʻra, Ibrat Safo Oʻzbekiston haqida internetda “negativ” qoldirgani uchun “Prezident administratsiyasi qoshidagi ommaviy axborot vositalarini monitoring qiluvchi markaz” unga topshiriq bergan.

“Prezident administratsiyasi qoshidagi markazdan kelgan topshiriq mening 1-fevralda yozgan postimdan norozi ekan. U qisqa postimda hech kimning ismini keltirmaganman, shunchaki kimdir oʻz hokimligi davrida bir parkni quritib oʻrniga oʻzi soqqa qilish uchun disneylend qursa, demokratik davlatlarda bu yirik skandal boʻlishini, lekin Oʻzbekiston boshqa mezonlar boʻyicha yashashini yozganman. Boʻldi. Shundan norozi boʻlishibdi.

Jasurning necha yoshligi yo jurnalistika borasidagi bilimini bilmayman, lekin u meni “patriot” boʻlmaslikda aybladi va bunday postlarni yozishni toʻxtatishimni buyurdi. U oʻzining ʼpatriotʼ ekanini ham aytdi. Aynan qanday mavzularda yozishim mumkinligi haqida maslahat soʻraganimda, javob bermadi. Qachon Oʻzbekistonga kelishimni bilishga uringanida, undan aviachipta soʻraganim ham negadir unga yoqmadi. Endi shikoyatni Tashqi ishlar vazirligiga joʻnatar ekan”, — deb yozadi jurnalist.