Bugun, 29-fevral kuni Turizm qoʻmitasi koʻmagida Oʻzbekiston mehmonxonalar uyushmasi tomonidan “HOTEL BUSINESS FORUM-2024” xalqaro forumi oʻz ishini boshladi.
Tadbirning ochilish marosimida Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sardor Niyazov soʻnggi yillarda turizm sohasi hukumatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi natijasida tadbirkorlar va investorlar tomonidan joylashtirish vositalarini tashkil etish boʻyicha yirik loyihalar amalga oshirilganligini taʼkidladi.
“Bugungi kunda mamlakatmizda 42 456 ta oʻrinli 1 403 ta muvofiqlik sertifikatiga ega joylashtirish vositalari faoliyat koʻrsatmoqda. Ulardan 1089 tasi mehmonxonalar, 85 ta dam olish zonalari va 229 ta boshqa turdagi joylashtirish vositalaridir. 54 ta mehmonxonalar yulduz toifasiga ega boʻlib, shundan 4 tasi besh yulduzli, 13 tasi toʻrt yulduzli, 35 tasi uch yulduzli, 2 tasi ikki yulduzli mehmonxonalardir. Toifaga ega mehmonxonalarning asosiy qismi hukumat tomonidan investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratilishi natijasida tashkil qilinmoqda”, – dedi Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sardor Niyazov.
Forumning ilk kunida Shveysariya, Germaniya, Ozarbayjon, Rossiya, Gruziya, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlardan mehmonxona biznesi, turizm va unga aloqador sohalar boʻyicha yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi. Shuningdek, Hyatt International (Europe Africa East) LLC, Hilton Worldwide, International Hotels Group, Radisson Hotel Group, Wyndham Hotels & Resorts, Dedeman Hotels & Resorts, Accor Hotel group kabi xalqaro brendlarning mintaqaviy vakillari maʼruzachilari sifatida ishtirok etdi.
Forum davomida:
- Innovatsion mehmonxona gʻoyalarini loyihalash, qurish va bozorga kirishni oʻz ichiga olgan amalga oshiriladigan va daromadli korxonalarga aylantirish;
- Xodimlarga investitsiyalar, mehmondoʻstlik sanoati rivojlanishining katalizatori sifatida;
- Mehmonlarning oʻzgarayotgan ehtiyojlari va umidlari;
- Mehmonxona biznesida texnologik innovatsiyalar va raqamli transformatsiya;
- Hamkor kompaniyalarning yangi texnologiyalari, xizmatlari va mahsulotlari taqdimoti kabi mavzularda fikr almashildi.
Forumda shuningdek, interaktiv B2B va G2B uchrashuvlari, ixtisoslashgan workshoplar hamda HoReCa segmenti uchun mahsulot va xizmatlar koʻrgazmasi ham tashkil etiladi.
Forum doirasida III Milliy mehmondoʻstlik mukofotini topshirish marosimi oʻtkazilib, mehmondoʻstlik sohasida xizmat koʻrsatayotganlar 30 ta nominatsiyada taqdirlash marosimi rejalashtirilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!