Tahlil

“Nigoh” – hayotimizga oʻzgacha nigoh bilan boqishga undovchi asar

“Nigoh” – hayotimizga oʻzgacha nigoh bilan boqishga undovchi asar

Demokrat.uz nashri kitob mutolaasi targʻiboti yoʻlida “Mutolaa zavqi” loyihasini davom ettirmoqda. Navbatdagi kitob taqrizi — Xurshid Doʻstmuhammadning “Nigoh” qissasi haqida.

Bazan shunday insonlarni uchratamizki, nega bu bunchalik oʻzini qiynab yasharkan-a deb oʻylab qolamiz. Bunday insonlar koʻzimizga juda lanch, hayotdan xafa, shunchaki nafas olish uchungina yaralgandek tuyiladi. Ammo aslida ular oʻz qobigʻiga oʻralib olganlardir. Oʻzlarining har bir xatti-harakatlariga keragidan ortiq eʼtibor berib, zaruridan ziyod oʻylaydilar. Oqibatdan mayda-chuyda ikir-chikirlarga oʻralashib hayotdan zavq olish fursatlarini oʻtkazib yuborishadi.

Taniqli yozuvchimiz Xurshid Doʻstmuhammadning “Nigoh” qissasi bosh qahramoni Bek ham ayni shunday inson edi. Toki hayotida bir voqea sodir boʻlmagunga qadar…

Sujet:

Bek tiranvay hydovchisi boʻlib ishlaydi. Tong qorongʻusida ketib, butun shahar uxlaganda kirib keladi. Bolalari ham kunlab dadasini koʻrolmaydi. Hayoti shu tarzda oʻtib borardi. Bir kuni tranvay yoʻliga chiqib ketgan “Volga”ni urib yuboradi. Urib yubormasligi ham mumkin ediyu, bir lahza unga nimadir boʻldi. Qandaydir gʻayriixtiyoriy kuch tormozni bosishga izn bermadi.

Shundan soʻng Bekning hayoti oʻzgara boshladi. Unga vaqtinchalik taʼtil berishdi. “Volga” egasi uni javobgarlikka tortgan, “Volga” ichidagi ayolning yuragi yorilgudek boʻlib qoʻrqqanidan kasalxonaga tushgandi. Oʻsha ayolning voqea sodir boʻlgan lahzadagi qoʻrqinch nigohi Bekning koʻz oʻngida saqlanib turar, tushlariga ham kirib chiqardi.

Bek relsdan chiqib ketgan poyezddek nima qilarini bilmas, kunlarini mujmal, chalkash oʻylar bilan oʻtkazar, avtoturargohga borib hech ishni bitirmay, ortga surib qaytar edi. Hamkasblarining qistovi bilan ayolni koʻrgani bir marta kasalxonaga boradi. Ayol unga shunday nigoh bilan boqadiki, Bek shu daqiqadan oʻz hayotiga nigoh tashlay boshlaydi. Aslida u allaqachon “Volga” egasi bilan kelishishga uringan, ishni bosti-bosti qilishga tirishgan, ayolning oldiga ham tez-tez borib xabar olgan boʻlishi kerak edi. Ammo Bek oʻzining gʻalati tabiati sabab bu ishlarni qilishni xayoliga ham keltirmas edi.

Bek oʻzini oʻzi tahlil qilib siqilib yurgan kunlarining birida Oʻktam ismli yoshlikdagi doʻsti keladi. U bilan lagʻmonxonaga kirib suhbatlashishadi. Suhbatdan Bek anglaydiki, aslida hayotda inson Oʻktam singari tinib-tinchimay, zavq olib, ochilib yashashi, ozgina hushyor boʻlishi lozim ekan. Aks holda hayot odamni pollattadek piypalab tashlashi hech gap emas ekan…

Tahlil:

Bek hayotida sodir boʻlgan voqealar va avtohalokatdan keyin olamga oʻzgacha nigoh bilan qaray boshlaydi. Bu voqea yaʼni baxtsiz hodisa Bekning hayotida burilish yasaydi. U avval oddiydek qaraydigan, gohida eʼtibor ham bermaydigan narsalar shundan keyin uning nigohida oʻzgacha tus oladi. Bu qissada yana insonlarning nigohlaridagi mohiyatlar ham aytiladi, yaʼni avtohalokat chogʻida tramvay bilan toʻqnashgan mashinadagi ayolning nigohida xuddi oʻsha ayolning butun bir umrini koʻrsa boʻlardi.

Bek yomon inson emasdi. U shunchaki ishga mukkasidan ketib, hayotda yashashi ham kerakligini unutib qoʻygandi. Oʻz qobigʻiga oʻralib, atrofdagilarga loqayd boqadigan, faqat oʻz tashvishi bilan ovora boʻlib ancha “maydalashgan”di. Avtohalokat orqali hayot uni “turtib” oʻziga keltirgandi. Hayotning turtkisi beiz ketmadi. Bek chindan ham hushiga kelgan, endi oʻzining oddiy shaxs emas, balki inson ekanini, jamiyat bilan, insonlar bilan uzviy bogʻliqligini va bu bogʻliklikdan ajralish imkonsizligini, aslida ajralishga hojat ham yoʻqligini tushunadi.

Beparvolik xavfli narsa. Inson atrofidagi voqealardan, yaqinlari kechmishlaridan xabardor boʻlib turishi, eʼtibor berishi judayam zarur. Aks holda kishi muvozanatni yoʻqotib qoʻyishi, oʻziga nisbatan atrofidagilardan ham beparvolik va mehrsizlik koʻrishi turgan gap. Bu tushunchalarni qahramonimiz oʻz vaqtida tushunib yetdi va ichki ziddiyatlariga barham berib, aslida qanday yashash lozimligini angladi.

Asarda avtoturargoh qorovuliga ham batafsil toʻxtab oʻtiladi. Qorovul chol urushda qatnashib kelgan, kelguniga qadar ota-onasi oʻtib ketgan, tugʻishganlari ota uylarini sotishmoqchi boʻlib turishgan edi. Chol bunga qattiq qarshilik koʻrsatadi. Oʻziga tegishli ulush hisoblangan bir parchagina yerni saqlab qoladi. Katta hovlining qolgan qismi avtoturargoh hisobiga oʻtib ketadi.

Qorovul chol orqali ota-ona xotirasi, urf-odat va anʼanalarga boʻlgan munosabat koʻrsatilgan. Anʼana va qadryatlar hurmat qilinmasa, bu narsa yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi tasvirlanadi.