Yangiliklar

Urganchdan Madrid, Frankfurt, Pekin va Urumchiga aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi

Urganchdan Madrid, Frankfurt, Pekin va Urumchiga aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda xizmatlarda oʻsish boʻlishi uchun transport infratuzilmasini yaxshilash zarurligi qayd etildi. Shu bois, Urganch va mamlakatimizni boshqa shaharlariga aviachipta narxini arzonlashtirish uchun 30 milliard soʻm subsidiya beriladi.

Urganchdan Termiz, vodiy viloyatlari, Samarqand, Buxoro hamda Sankt-Peterburg, Madrid, Frankfurt, Pekin va Urumchiga aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. “Urganch-Xiva” trolleybus qatnovi oraliq vaqti 2 karra qisqaradi, Urganchdan Xiva va Xonqaga elektrobus qatnovi tashkil etiladi.

Urganch aeroporti boshqaruvi va modernizatsiyasiga xususiy sherik jalb qilish muhimligi taʼkidlandi. Yigʻilishda viloyatda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirishga toʻxtalib oʻtildi. Xonadonlarda chorva naslini yaxshilash, sutni qayta ishlash, parranda goʻshti ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.

Jumladan, goʻsht yoʻnalishida har biri 200 ming bosh parrandaga moʻljallangan 5 ta sanoatlashgan yirik parrandachilik korxonasi Bogʻot, Gurlan, Hazorasp, Honqa, Shovotda ishga tushiriladi. Viloyatdagi sunʼiy suv havzalarini atigi 10 foizida baliq intensiv usulda boqilishi qayd etilib, endilikda intensiv usulda baliq yetishtirgan tadbirkorlar yer va aylanma soligʻini 50 foizini toʻlashi, suv soligʻi va toʻlovidan ozod etilishi belgilandi.

Xorazmda uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi. Joriy yilda 119 ta koʻp qavatli uy qurib, 3,5 mingta oilani yashash sharoitini yaxshilash rejalashtirilgan. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari tashkil etilib, 100 ta koʻp qavatli uy qurilishi boshlanadi.

Mutasaddilarga Xiva shahri, Shovot va Hazoraspni urbanizatsiya boʻyicha namunali hududga aylantirish choralarini koʻrish topshirildi. Saxovat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik keng namoyon boʻladigan muqaddas Ramazon oyi yaqinlashmoqda.

Davlatimiz rahbari bu muborak oyda ehtiyojmand insonlar, ayniqsa farzandlarimiz holidan xabar olish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash muhimligini qayd etdi. Shu bois, eshitishda nuqsoni bor 500 nafar bolaga bepul koxlear apparati va boshqa implantlar qoʻyish uchun 62 milliard soʻm ajratilishi belgilandi. Yana 2 ming nafar bola eshitish moslamasi bilan taʼminlanadi.

Paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanayotgan xorazmlik 10 nafar yoshlarga 7 turdagi zamonaviy sport protez va reabilitatsiya vositalari olib beriladi. Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.