Yangiliklar

Xorazmda qiymati 10 mlrd dollardan ziyod yirik gaz-kimyo majmuasi barpo etilishi mumkin

Xorazmda qiymati 10 mlrd dollardan ziyod yirik gaz-kimyo majmuasi barpo etilishi mumkin
Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda. Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, aholimizga munosib yashash sharoitlarini yaratish, bandlikni taʼminlash boʻyicha barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotgani taʼkidlandi.

Lekin, tobora oʻzgarib borayotgan talab va ehtiyojlar mutasaddilar va viloyat rahbariyati oldiga yangi-yangi vazifalarni qoʻymoqda. Davlat rahbari viloyatdagi zaxiralarni ishga solishning yangi imkoniyatlarini belgilab berdi. Xorazmliklar mehnatkash, intiluvchan, izlanuvchan, yangilik yaratuvchi xalqligini, ularga faqat sharoit qilib berish kerakligini taʼkidladi.

Prezident bugun muhokama qilinadigan tadbirlarga 1,1 milliard dollar va 10 trillion soʻm yoʻnaltirilayotganini taʼkidladi. Xorazmda kichik va oʻrta biznesni yanada qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli shartlarda 100 million dollar ajratilishi belgilandi. Buning hisobidan 5,5 ming tadbirkorga koʻmak berilib, 50 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi.

Amudaryo ustidan yangi koʻprik qurilishi koʻp yillik muammoni hal qildi. Eng muhimi, aholini 2 soat vaqti tejaladigan boʻldi, temir yoʻlda yuk tashish xarajatlari 1 ta vagon uchun 600 ming soʻmga arzonlashayapti. Bu – tabiiy xomashyo zaxiralari kam boʻlgan Xorazm tadbirkorlari uchun yangi imkoniyat, sanoat va xizmatlar uchun esa juda katta turtki.

Kecha Prezident xorijiy investorlar bilan uchrashib, ularni 700 million dollarlik loyihalari bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning ham 200 million dollar investitsiya kiritish takliflari koʻrib chiqildi.

Sanoat uchun avvalo barqaror energiya manbalari zarur. Boshqa viloyatlardagi kabi Xorazmda ham kecha Fransiyaning mashhur “Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk bor 100 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi.

Prezidentimiz yigʻilganlarga yana bir muhim xabarni maʼlum qildi. Xorazmda qiymati 10 milliard dollardan ziyod yirik gaz-kimyo majmuasi loyihasini barpo qilish boʻyicha dunyoning shu sohada eng ilgʻor kompaniyalari bilan muzokara boshlangani taʼkidlandi.

Bu loyiha ishga tushsa, 3 mingta ish oʻrni yaratiladi, yiliga 2,4 million tonna yuqori qoʻshilgan qiymatli polimerlar ishlab chiqariladi. Bu nafaqat Xorazm uchun, balki respublikamiz sanoatining flagmani boʻladi.