Yangiliklar

Ish haftasida havo harorati koʻtarilib boradi

Ish haftasida havo harorati koʻtarilib boradi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Mart oyining birinchi kunlarida qish yana bir bor sovuq ob-havo va qor koʻrinishidagi yogʻingarchiliklar bilan oʻzini eslatdi. Bugun ertalab havo harorati 2-5 daraja sovuqqacha, shimolda 7-12 daraja sovuqqacha pasaydi. Ammo kunduz kunlari haroratning jadal koʻtarilishi boshlanadi, haroratning koʻtarilishi ish haftasining oxirigacha davom etadi.

4-7-mart kunlari Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda. 8-martda respublika boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. Bugun kunduzi havo harorati 4-9 daraja iliq boʻladi, soʻng hafta oxirigacha harorat 13-18 daraja iliqqacha asta-sekin koʻtariladi. Harorat kechasi 2-5 daraja sovuqdan 2-5 daraja iliqqacha koʻtariladi.

Shamol asosan sharqiy yoʻnalishda birozdan oʻrtachagacha boʻlgan tezlikda esadi, 8-martda baʼzi joylarda 15-18 m/s gacha kuchayadi. 5-6-mart kunlari respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin. 6-7-mart kunlari ayrim togʻli hududlarda, 8-martda togʻli hududlarning katta qismida yomgʻir va qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi. Qor koʻchishi xavfi bor.

Poytaxtda 4-7-mart kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi, 8-martda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Harorat kechalari 0-2 daraja sovuqdan 3-5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 5-7 daraja iliqdan 15-17 daraja iliqqacha koʻtariladi.

6-7-martda kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esdi.