Yangiliklar

Uch hududda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

Uch hududda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tuman boʻlimi, DXX va bojxona xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda xorijda ishlab chiqarilgan tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan I.M. va boshqalar Zamaxshariy koʻchasidagi xonadonda umumiy bahosi 391,9 mln soʻmlik 9 turdagi jami 20 890 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotish uchun saqlab qoʻyganliklari aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Namangan tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan Ya.M. va T.S. (muqaddam sudlangan) jami 6 500 quti “Milano London” nomli aksiz markasiz tamaki mahsulotini fuqaro M.X.ga 4 420 AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 16 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan bojxona xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan O.B. oʻzining “Nexia-2” rusumli avtotransport vositasida hech qanday hujjatsiz 3 turdagi jami 1 350 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini oʻtkazish maqsadida Navoiy shahriga olib kelayotgan vaqtida ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.