Yangiliklar

Asaka tumanida mansabdor shaxslar bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi

Asaka tumanida mansabdor shaxslar bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Asaka tumani Ichki ishlar boʻlimi tergov boʻlinmasining sobiq xodimi Asaka tumani prokurori oʻrinbosari orqali, mazkur tuman prokuraturasi ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishi doirasida, qurilish firmasi rahbariga nisbatan qoʻllanilgan “qamoq” ehtiyot chorasini oʻzgartirib, tergov harakatlari davomida aniqlangan zarar summasini qayta nazorat-oʻlchov tadbirlari oʻtkazish orqali kamaytirib berish evaziga, ayblanuvchining yaqinlaridan 15 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Holat yuzasidan toʻplangan materiallar asosida sobiq tergovchiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 

Olib borilgan tergov harakatlari davomida tuman prokurori oʻrinbosari ham ushbu jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilindi. 

Hozirda ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Boshqa holatda esa Asaka tumani hokimligining qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi tuman hokimining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari topshirigʻiga asosan, unga tegishli chorvachilikka ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatga uzoq muddatga ijaraga berilgan yer maydonining 50 sotix qismini sotish hamda tuman kadastr boʻlimi orqali ushbu yer maydonining toifasini noturar joyga oʻzgartirib, hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 40 ming AQSH dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, tuman hokimligining qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi oldindan 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu pul mablagʻidan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Kadastr agentligining Asaka tuman boʻlimi boshligʻi ham ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. 

Hozirda Asaka tuman hokimining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari, tuman hokimligining qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi va Kadastr agentligining Asaka tuman boʻlimi boshligʻiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.