Yangiliklar

Oʻzbekiston boʻyicha 2018-2022-yillarda umumiy ekin maydonlari 1,3 foizga qisqargan

Oʻzbekiston boʻyicha 2018-2022-yillarda umumiy ekin maydonlari 1,3 foizga qisqargan
Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari qishloq xoʻjaligida yer resurslaridan foydalanish samaradorligini baholadi.

2018-2022-yillarda respublika boʻyicha umumiy ekin maydonlari 3 396,0 ming gektardan 3 353,3 ming gektarga yoki 1,3 foizga qisqargan.

Bu davrda koʻp yillik dov-daraxtlar maydonlari 432,5 ming gektardan 488,6 ming gektarga yoki 13,0 foizga oshgan.

Bugʻdoy va paxta ekin maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilab olindi. 2018-2022-yillarda umumiy ekin maydonlarida bugʻdoy va paxta maydonlarining ulushi 73,5 foizdan 69,5 foizga yoki 3,9 foiz punktiga qisqardi.

Shu bilan birga, paxtachilik va gʻallachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu ekinlar hosildorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.

2018-2022-yillarda respublika boʻyicha paxta hosildorligi gektariga oʻrtacha 21,0 sentnerdan 34,1 sentnerga yoki 62,4 foizga, bugʻdoy hosildorligi 41,0 sentnerdan 47,2 sentnerga yoki 15,1 foizga oshdi.

2018-2022-yillarda butun respublika boʻyicha 1 gektar ekin maydonidan olinadigan oʻrtacha daromad 42,0 million soʻmdan 46,5 million soʻmga koʻtarildi.

Shu davrda 1 gektar yerdan olinadigan oʻrtacha daromad Fargʻona (24,5 foiz), Namangan (20,2 foiz), Qashqadaryo (17,8 foiz), Sirdaryo (17,3 foiz) va Surxondaryo (15,8 foiz) viloyatlarida eng koʻp oshdi.

“Oʻzbekiston-2030” Strategiyasida bir gektar yerdan olinadigan oʻrtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish belgilangan. Bu maqsadga erishish uchun gektaridan olinadigan oʻrtacha daromadni 2022-yildagiga nisbatan 18,9 foizga oshirish zarur (2022-yilda 4 205 AQSH dollarni tashkil etgandi).