Yangiliklar

Shvetsiya rasmiy ravishda NATO harbiy ittifoqiga qo‘shildi

Shvetsiya rasmiy ravishda NATO harbiy ittifoqiga qo‘shildi

Shvetsiya Vashingtonda a’zo bo‘lish jarayonini yakunlaganidan so‘ng rasman NATOning 32-a’zosiga aylandi, bu haqda NATO kuni kecha, 7-mart kuni o‘z rasmiy sahifasida e’lon qilgan. Hujjatlarni qabul qilish jarayoni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan Shvetsiya harbiy ittifoqqa qo‘shilish uchun ariza berganidan ikki yil o‘tib amalga oshdi. 200 yil davomida betaraflik siyosatini amalga oshirgan Shvetsiya davlatining rasmiy bayrog‘i boshqa 31 ittifoqchi davlat bayrog‘i bilan birga NATOning Bryusseldagi shtab-kvartirasida dushanba kuni (2024-yil 11-mart) va bir vaqtning o‘zida Yevropa va Shimoliy Amerikadagi NATO qo‘mondonliklarida ko‘tarilishi rejalashtirilgan.

Demokrat.uz nashri BBCga tayanib quyida bir necha mamlakatlarning bu siyosiy vaziyatga munosabatini jamladi.

Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson yangi o‘zgarishga nisbatan o‘z fikrini bayon qilib, birlik va hamjihatlik Shvetsiya uchun «yo‘l ko‘rsatuvchi chiroq» bo‘lishini aytdi.

AQSH prezidenti Jo Bayden o‘z nutqida “Bugun NATO har qachongidan ham kuchliroq”, ekanligini ta’kidladi. «NATO yanada birdam, qat’iyatli va dinamikroq, eng yangi ittifoqchimiz Shvetsiya bilan birgalikda NATO kelajak avlodlar uchun erkinlik va demokratiya tarafdori bo‘lishda davom etadi», dedi AQSH rahbari. 

Shuningdek, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg X sahifasida Shvesiya o‘zi bilan «qobiliyatli qurolli kuchlar va birinchi darajali mudofaa sanoati»ni olib kelgani va ittifoq «kuchliroq va xavfsizroq» bo‘lganini e’lon qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini olqishlab, “Yevropada yana bir davlat rus yovuzligidan himoyalangan bo‘ldi” dedi.

Rossiya hukumati esa Shvetsiyaning bu harakatiga javoban noaniq siyosiy va harbiy choralar ko‘rishga va’da bergani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz,o‘tgan yilning aprel oyida NATO ittifoqchilari safiga Finlandiya ham a’zo bo‘lgan edi. Quyida 32 davlatning NATOga a’zo bo‘lish jarayoni yillar kesimida aks etgan.