Madaniyat, Yangiliklar

“Bu yil bu bino ta’mirlanadi” – Madaniyat vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston davlat drama teatri binosining achinarli ahvoli haqidagi savolga javob berdi

“Bu yil bu bino ta’mirlanadi” – Madaniyat vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston davlat drama teatri binosining achinarli ahvoli haqidagi savolga javob berdi

11-mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniyat vazirligi tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2024-yilda rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Demokrat.uz muxbiri xabar berdi.

Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan Toshkentdagi O‘zbekiston davlat drama teatri binosi, uning bugungi kunda achinarli ahvolga kelib qolgani va ta’miri borasida qachon amaliy ishlarga o‘tilishi borasida savol bilan murojaat qilindi. Savolga Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov javob berdi.

“O‘zbekiston davlat drama teatri ko‘p yillik tarixga ega, birinchi teatrlardan hisoblanadi. Bu obyektimiz madaniy meros obyekti, xabaringiz bor. Bizda imkoniyat bo‘lmagan shu paytgacha. Bu yil madaniy meros agentligi tomonidan ta’mirlanadigan obyektlar ro‘yxatiga kiritilgan. Ko‘rgan bo‘lsangiz fasad qismida hozir ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda va mana shu mart oyidagi spektakllarni yakunlagadan keyin, teatr jamoasi gastrol safariga chiqib ketadi, respublika bo‘yicha va ta’mirlash ishlari ichkariga o‘tadi. Bu yil bu bino ta’mirlanadi“, – dedi vazir o‘rinbosari.