Jamiyat

O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi cheklovlar olib tashlandi

O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi cheklovlar olib tashlandi

O‘zbekistonda hududlarga elektr energiyasi yetkazib berishda 8-martdan buyon hech qanday cheklovlar qo‘llanilmayapti. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani sabab elektr energiyasi yetkazib berishda 17-fevraldan buyon amalga kiritib kelingan cheklovlar bekor qilindi.

10-mart kuni elektr stansiyalar orqali 238,9 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu rejadagiga nisbatan 4 foizga ko‘p bo‘lib, buning uchun issiqlik stansiyalarida 48,2 million kubometr tabiiy gaz, 16,8 ming tonna ko‘mir hamda 4 ming tonna mazut yoqilgan.

Shuningdek, Turkmanistondan 15,6 million kilovatt /soat elektr energiyasi import qilindi. Iste’molchilarga rejaga nisbatan 8 foiz ko‘p elektr energiyasi, 9 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berildi.

Gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari orqali 10-mart kuni 1 325 ta avtomobillarga jami 13,41 mln kubometr tabiiy gaz sotildi.

Umumiy hisobda, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 270 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. “O‘zbekneftgaz” tomonidan barcha AYQSHlarga 661 tonna avtobenzin yetkazib berildi.