Yangiliklar

Uchta hududda kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari fosh etildi

Uchta hududda kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Sayxunobod tumanida faoliyat yurituvchi “S-S.” MCHJ masʼul shaxslari hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 1,6 mlrd soʻm kredit mablagʻlari hisobidan mahalla guzari va maishiy xizmat koʻrsatish sexini qurmasdan, kredit mablagʻlarini boshqa maqsadlarda sarflab talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Namangan tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.M.” MCHJ sobiq rahbari A.Q. va boshqalar 935 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari evaziga xorijdan olib kelingan 4 turdagi jami 7 dona mebel ishlab chiqarish dastgohlarini boshqa shaxslarga sotib yuborib, ushbu mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Departamentning Jarqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro N.Sh. hamda tumandagi “I.” MFY boʻyicha hokim yordamchisi X.M. 11 nafar fuqaro va YATT U.T.ning nomiga soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali 698 mln soʻm kredit ajratib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.