Jamiyat

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ogohlantirish bilan chiqdi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ogohlantirish bilan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi fuqarolardan dinshunoslik ekspertizasidan ijobiy xulosa olinmagan hamda shubhali diniy mazmundagi mediamahsulotlarni yuklab olmaslik va tarqatmaslikni so‘radi.

Maʼlum qilinishicha, Ramazon oyida fuqarolarda diniy amallarni bajarishga, ijtimoiy tarmoqlar orqali bir-birlariga bayram tabrigi, mazkur oyda qilinadigan amallar, ro‘zaga oid turli fatvolar hamda boshqa shu kabi diniy mazmundagi materiallarni tarqatish, shuningdek, internet tarmog‘iga yuklash holatlari tabiiy ravishda ortadi.

Qo‘mitaning taʼkidlashicha, o‘tgan yillar davomida olib borilgan monitoring natijalari fuqarolardagi bu ishtiyoqdan turli ekstremistik, terroristik tashkilotlar hamda aqidaparast shaxslar doim g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanib, aholi orasida o‘zlariga tegishli bo‘lgan kontentlarni keng tarqatishga harakat qilishini ko‘rsatmoqda.

«Qolaversa, Vazirlari Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 14-apreldagi 180-son qaroriga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasi o‘tkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi asosida ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi mumkinligi qayd etilganligini ham unutmaslik lozim», deyiladi xabarda.

Mazkur holatlarni inobatga olgan holda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolardan dinshunoslik ekspertizasidan ijobiy xulosa olinmagan hamda shubhali diniy mazmundagi audio, video va boshqa turdagi mediamahsulotlarni internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalaridan yuklab olmaslik va tarqatmaslikni so‘ramoqda.