Yangiliklar

Ikkita hududda traktorchi mashinist va haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi

Ikkita hududda traktorchi mashinist va haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.X. fuqaro Sh.J.ning ishonchiga kirib, unga tanishi D.A. orqali Traktorchi mashinist guvohnomasi hamda kategoriya olib berishi evaziga 300 AQSH dollarini qoʻlga kiritib, yana 1 200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, O.X.ning koʻrsatuviga asosan davom etgan tadbirda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jomboy tumani boʻlimi bosh mutaxassisi D.A. fuqaro Sh.J.ga 10 kun muddat ichida Traktorchi mashinist guvohnomasi hamda kategoriya olib berishi 300 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Sergeli tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. fuqaro N.X.ga Xorazm yoki Sirdaryo viloyatlaridagi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihonlarga qatnashmasdan, haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Buxoro shahar boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Buxoro oʻquv sport texnika klubi ustasi S.N. fuqaro K.Gʻ.ni haydovchilik guvohnomasini olish uchun oʻtkaziladigan imtihondan tanishlari yordamida oʻtkazib qoʻyishi evaziga 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.