Jahon

Isroil armiyasi Ramazon oyining birinchi kunida G‘azoda o‘nlab tinch aholini o‘ldirdi

Isroil armiyasi Ramazon oyining birinchi kunida G‘azoda o‘nlab tinch aholini o‘ldirdi

Ramazonning birinchi kunida Isroil armiyasi blokada ostidagi G’azo sektorining turli joylarida hujum uyushtirgan tinch aholi punktlarida o’nlab odamlarni o’ldirgan va yaralagan. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil armiyasi dushanba kuni G’azo sektorining ko’plab hududlarida tinch aholi uylarini nishonga olgan, hujumlar uyushtirgan.

Ramazon oyining birinchi kunida sodir bo’lgan hujumlarda o’nlab falastinlik tinch aholi halok bo’ldi va yaralandi.

Falastin fuqarolik mudofaasi yozma bayonotida, Isroil G’azo shimolidagi Beyt Lahiya shahrida havodan bombalaganini bildirdi. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan ko’plab jonsiz jasadlarni olib chiqdi.

Isroil armiyasi, shuningdek, G’azo sektorining janubidagi Misr chegarasi yaqinida 1,5 millionga yaqin odam boshpana topgan Rafah shahridagi uyni bombardimon qildi, 3 kishi halok bo’ldi va ko’plab tinch aholi yaralandi.

«Isroil ishg’oli G’azo sektorida falastinlik tinch aholini o’ldirishda davom etmoqda va ayollar, bolalarga qarshi jinoyatlarini davom ettirmoqda», dedi G’azo hukumati matbuot byurosi bosh direktori Ismoil al-Savabit.

Shuningdek, G’azo sektorida minglab oilalar Ramazonning birinchi kunida ovqat topa olmagan. Ocharchilik tufayli qurbonlar soni ortishda davom etmoqda.

“7-oktabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida 31 112 falastinlik, jumladan, kamida 13 500 bola va 9 000 ayol halok bo‘ldi, 72 760 nafari yaralandi. Minglab qurbonlar vayronalar ostida yotibdi, biroq fuqarolik infratuzilmasi ham vayron bo’lmoqda: odamlar boshpana topgan kasalxonalar va ta’lim muassasalariga zarba berildi” deyliladi xabarda.