Yangiliklar

Namanganda tillafurushlarga nisbatan sud hukmi oʻqildi

Namanganda tillafurushlarga nisbatan sud hukmi oʻqildi

2023-yilning 24-iyul kuni Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Namangan–Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan Cobalt avtomashina “Namangan” YPX maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

Natijada, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1978-y.t. K.N.ning yonida 1 dona yarim tayyor zanjir holatidagi tilla taqinchoq borligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, mazkur yoʻnalishda harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina ham Pop tumani hududida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1991-y.t. Gʻ.O.ga tegishli 29 dona yarim tayyor zanjir koʻrinishidagi tilla taqinchoqlar borligi aniqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, Gʻ.O. juda koʻp miqdordagi quyma tilla mahsulotlarini notanish shaxslardan sotib olib, ularni zargarlarga zanjir koʻrinishida yasattirgan. Oʻz navbatida K.N. ushbu tilla buyumlarni qonunga xilof ravishda bojxona nazoratini chetlab oʻtib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Hindiston davlatiga olib borib sotishni rejalashtirgan.

Ekspertiza xulosasiga koʻra, mazkur 30 dona yarim tayyor holatdagi tilla taqinchoqlarning sof ogʻirligi 1 kg. 516 gr. boʻlib, qiymati 1 mlrd. 46 mln. soʻmga teng. Taʼkidlash lozimki, chegara-bojxona postidagilarning eʼtiborini tortmaslik maqsadida, 958 dan yuqori asllik darajasida boʻlgan zanjir koʻrinishidagi tilla taqinchoqlarga “916”, “22KR” asillik darajasi oʻrnatilgan.

Holat yuzasidan DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasining Tergov boʻlimi tomonidan Gʻ.O. va K.N.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudi tomonidan esa Gʻ.O.ga nisbatan 3 yil, K.N.ga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.