Jahon

Rossiya Mudofaa vazirligi Belgorod va Kurskdagi holat yuzasidan munosabat bildirdi

Rossiya Mudofaa vazirligi Belgorod va Kurskdagi holat yuzasidan munosabat bildirdi

Ukraina tomonida jang qilayotgan “Rossiyaga ozodlik” legioni va “Sibir batalyoni” 12-martga o‘tar kechasi Rossiya chegarasini kesib o‘tib, rus armiyasi bilan to‘qnashganini ma’lum qilgandi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ukraina “xavfsizlik kuchlari” Belgorod va Kursk viloyatlariga bostirib kirishga uringan. Avvalroq Ukraina razvedkasi yuqoridagi tuzilmalar Rossiya fuqarolarida tashkil topganini aytgandi.

“Moskva vaqti bilan ertalab soat 03:00 larda tanklar va zirhli jangovar texnikalar ko‘magida tinch aholi nishonlarini shiddatli o‘qqa tutgan Ukraina terrorchilik tuzilmalari Rossiya hududiga bostirib kirishga harakat qildi.

Ular Belgorod viloyatidagi Odnorobovka, Nexoteyevka va Spodaryushino aholi punktlari hududlarida bir vaqtning o‘zida uch yo‘nalishda hujum qilishga uringan. Rossiya harbiylari barcha hujumlarni qaytardi, dushmanga aviatsiya, raketa kuchlari va artilleriya bilan zarba berdi. Davlat chegarasi buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Ukraina tomonidan chegaradosh Odnorobovka hududida 60 ga yaqin hujumchi, Nexoteyevka hududida uchta tank va bir bronetransportyor, Spodaryushino hududida esa yana ikkita tank yo‘q qilingan”, deyiladi Vazirlik bayonotida.

Shuningdek, ertalab soat 08:00 da Kursk viloyatining Tyotkino hududiga kirishga uringan Ukraina “sabotaj va razvedka guruhlari”ning to‘rtta hujumi qaytarilgani aytilgan.

“Dushman orqaga siljigan va katta yo‘qotishlarga uchragan”, deyiladi xabarda.