Jamiyat

Sud Olimjon Haydarovga oid hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi

Sud Olimjon Haydarovga oid hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi

11-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida bloger Olimjon Haydarov advokatlarining oliy sudga kassatsiya tartibida yozgan shikoyati taftish tartibida ko‘rib chiqildi. Demokrat.uz manbasiga ko‘ra, sud Olimjon Haydarovga oid hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi va shikoyat qanoatlantirilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 1-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudida bloger va jamoatchilik faoli Olimjon Haydarovga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, sud blogerni Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan hamda jazolarni qo‘shish yo‘li bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Shuningdek, Olimjon Haydarovning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifa va kanallarini o‘chirish belgilandi.

Ma’lumot uchun, 28-dekabr kuni Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida bloger Olimjon Haydarovning apellyatsiya tartibida bergan shikoyati ko‘rib chiqilgan va Farg‘ona tuman sudining 2023-yil 1-dekabrdagi hukmi o‘zgarishsiz qoldirib, shikoyatni qanoatlantirmagan edi.

Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi «a» bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.