Siyosat

Baxtiyor Saidov “Tolibon” rahbariyati bilan uchrashdi

Baxtiyor Saidov “Tolibon” rahbariyati bilan uchrashdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Afg‘oniston hukumati bilan uchrashganini ma’lum qildi.

Tashqi ishlar vaziri Kobulga safari chog‘ida Afg‘oniston muvaqqat hukumatining bir qancha mansabdor shaxslari bilan uchrashgan. Jumladan, bosh vazir vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund, bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Abdul Salom Hanafiy, bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, tashqi ishlar vazirligi vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy, ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Xalifa Sirojiddin Haqqoniy, savdo va sanoat vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

“Bizni boy va mushtarak tariximiz, umumiy an’analarimiz va kelajagimiz birlashtiradi. Birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlar mavjud”, deydi Baxtiyor Saidov.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari muhokama qilingan. Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.