Sirdaryoning Sayxunobod tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari nega aynan shu tumanga kelganini izohladi. Sayxunobod aholisi yaxshi yashashga, daromadli boʻlishga, bolalarini oʻqitishga intilayotgani, lekin tumandagi ogʻir iqtisodiy ahvol bunga toʻsqinlik qilayotgani qayd etildi.
Tadbirkorlik, bandlik, kambagʻallikdan chiqarishga katta-katta mablagʻlar ajratilayotganiga qaramay, Sayxunoboddagi 19 ta mahallada yashaydigan 83 ming aholini qanchasiga bu imkoniyatlar yetib borayapti, degan savol ochiq qolmoqda. Shuning uchun bugungi yigʻilish tomorqa va uy xoʻjaliklarini rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishda nafaqat Sayxunobod, balki butun mamlakatimiz uchun tub burilish yasaydi.
Joylardagi va respublika darajasidagi rahbarlar Sayxunoboddagi ahvolni yaxshilashga eʼtibor qaratmagani, pastga tushib ishlamagani, faqat yigʻilish oʻtkazish bilan cheklangani tanqid qilindi. Misol uchun, tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor, kambagʻallik darajasi – 14 foiz, mahalliy byudjet tushumi 27 milliard soʻm, xarajati 67 milliard soʻm.
Bir soʻz bilan aytganda, Sayxunobodda tadbirkorlik oʻsmayapti, Yangi Oʻzbekiston nafasi sezilmayapti, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etilib, oʻrniga zamonaviy rahbarlar qoʻyildi. Bugungi yigʻilish 14 ta hudud, 208 ta tuman va shahar hokimlari, ularni oʻrinbosarlari, banklar, “mahalla yettiligi” uchun saboq boʻlishi taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari tumandagi muammolarni sanab, ularning yechimlarini belgilab berdi.
Eng avvalo, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishda banklarning oʻrni sezilmayotgani qayd etildi. Vaholanki, davlat ularga katta resurslar ajratmoqda. Oʻtgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard soʻm berilgan. Tuman tadbirkorlari oʻtgan yil soliqdan 85 milliard soʻmlik imtiyoz olgan. Lekin bu mablagʻlar ish oʻrinlariga aylanmayotgani, kambagʻallikni qisqartirishga taʼsiri sezilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish oʻrni bor-yoʻgʻi 968 taga koʻpaygan. Yaʼni, banklar faqat qaytimni oʻylab, oson yoʻl bilan resurslarni doimiy mijoziga berayapti. “Men ham tadbirkor boʻlay, mahallada ish oʻrni yaratay”, degan oddiy odamlar chetda qolib ketayapti. Ularga tayyor loyiha paketlari berilmayapti.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!