Yangiliklar

Tez yordam xodimi hamkasbini do’pposladi

Tez yordam xodimi hamkasbini do’pposladi

2023-yilning avgustida Farg’ona shahar 4-sonli Tez tibbiy yordam bo’limi boshlig’i hamkasbi bilan o’zaro janjallashib qoladi va uning yuziga qo’li bilan bir marotaba urib, qasddan tan jarohati yetkazadi.

Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko’ra, boshliqdan kaltak yegan shifokor o’rta og’irlikdagi tan jarohatini olgan.

Mazkur holat yuzasidan bo’lib o’tgan sud majlisida sudlanuvchi tariqasida ishtirok etgan tez tibbiy yordam bo’limi boshlig’i voqeaga izoh berar ekan, shifokor  xodim o’sha kuni shaxsiy avtomobilini tez yordam mashinalari navbatda turadigan hovliga qo’ygani va shuning ortidan janjal kelib chiqqanini aytgan. Shuningdek, xodimga yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun bir million so’m miqdorida pul mablag’i berganligini qo’shimcha qilgan.

Jabrlanuvchining so’zlariga ko’ra, bo’lim boshlig’i unga nisbatan anchadan buyon adovatda bo’lgan hamda voqea sodir bo’lgan kuni shifokorning avtomobili tez tibbiy yordam mashinalariga halaqit qilmagan, qolaversa boshqa xodimlar ham mashinalarini o’sha joyda qoldirishgan.

Shifokor buni bo’lim boshlig’iga aytgan vaqtida uning jahli chiqib, musht tushirgan. Shifokor suddan moddiy zarar qoplangan bo’lsa-da, yarashuvga rozi emasligini, qolaversa, sudlanuvchi ish davomida muntazam ravishda bosim qilib kelganligini bildirib, 20 million so’m miqdorida ma’naviy zarar ham undirib berishni so’ragan.

Sud holatni o’rganib chiqib sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topgan va unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgani holda 1 yarim yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosini tayinlagan, shuningdek, undan jabrlanuvchi foydasiga 500.000 so’m miqdorida ma’naviy zarar undirish ham belgilangan.

Sud tushuntirishiga ko’ra, bunda jinoyat sodir etilishi sabablari va oqibatlari inobatga olingan.

Iqbol ERGASHEVA – jurnalist