Yangiliklar

“Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz – koʻproq ish oʻrinlari yaratish” — prezident

“Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz – koʻproq ish oʻrinlari yaratish” — prezident
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Toshkent shahridagi Quyuv-mexanika zavodiga tashrif buyurdi.

Qirq gektardan ziyod gektar maydonli bu zavod bir paytlar toʻliq ishlamay, past rentabelli boʻlib qolgan edi. Shu bois “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga oʻtkazilib, 2013-yilda modernizatsiya qilindi. Soʻnggi yillarda mahalliylashtirish jadal kengayib, uning iqtisodiy samaradorligi yanada oshdi.

Bugun majmua yiliga 1 ming 200 ta yuk vagoni ishlab chiqarish va 1 ming 500 tasini taʼmirlash quvvatiga ega barqaror korxona.

Vagonlar tarkibi ham talabgir. Jumladan, yarim ochiq, usti yopiq, uzun bazali hamda don, sement, meneral oʻgʻit tashishga moʻljallangan 6 turdagi yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda.

Metall quyish ogʻir sanoatning eng muhim tarmogʻi, taʼbir joiz boʻlsa, “yuragi” hisoblanadi. Bu yerda 120 million dollar hisobiga quyuv sexi barpo etilgan. U yiliga 26 ming tonna mahsulotlar tayyorlashga moʻljallangan. Bu yerda temir yoʻllar ekspluatatsiyasi va harakat tarkibida ishlatiladigan barcha turdagi ehtiyot qismlar quyiladi.

Davlatimiz rahbari ushbu mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

– Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz – koʻproq ish oʻrinlari yaratish. Masalan, bu yil mamlakatimizda 100 mingta uy qurmoqchimiz. Ular qachon odamlarga maʼqul boʻladi? Yonida ish oʻrni bilan boʻlsa. Shuning uchun, xuddi tomorqalarda boʻlayotganidek, koʻp qavatli uylar boʻyicha ham mahallalarda iqtisodiy loyihalar qilinadi. Qaysi xonadonda ishsiz boʻlsa, bandligiga koʻmaklashiladi. Bunda mana shunday zavodlar muhim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois majmuada shaharsozlik, kommunal va boshqa tarmoqlar uchun ham mahsulotlar ishlab chiqarish, bu imkoniyatlar bilan tadbirkorlarni tanishtirib, buyurtmalarni koʻpaytirish kerakligi taʼkidlandi. Bu, oʻz navbatida, turdosh tarmoqlarda ham ish oʻrinlari ochilishiga turtki beradi.

Zavodda yuk vagonlari qurish, mexanika yigʻuv, gʻildirak yigʻuv, quyuv, taʼmirlash, temirchilik va presslash, tayyorlov va komplektlash kabi 26 ta sex bor. Prezidentimiz majmua boʻylab yurib, ulardagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Korxonada 2018-2023-yillarda mahalliylashtirish dasturi boʻyicha 100 ga yaqin turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan. 2023-yilda jami 267 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan, 10 million dollarlik 170 ta vagon va ehtiyot qismlar eksport qilingan. Joriy yilda eksport hajmini 15 million dollarga yetkazish boʻyicha shartnomalar imzolangan.

Korxonada xalqaro standartlarga muvofiq ISO 9001 sifat menejmenti va ISO 50001 energetika menejmenti tizimi joriy etilgan.