Yangiliklar

Toshkent-Xiva yoʻnalishiga Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan olib kelinadigan elektropoyezd qoʻyiladi

Toshkent-Xiva yoʻnalishiga Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan olib kelinadigan elektropoyezd qoʻyiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Toshkent yoʻlovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodini borib koʻrdi.

Mamlakatimizda temir yoʻl transporti rivojlanib, qatnovlar soni koʻpaymoqda. Bu vagonlarga boʻlgan talabni ham oshiradi. Mazkur zavodda 16 turdagi yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqariladi va taʼmirlanadi.

Oʻtgan yili korxonada 32 ta yoʻlovchi vagoni tayyorlanib, 319 tasi taʼmirlangan. Muhimi, kooperatsiya orqali ehtiyot qismlarning 70 foizi mahalliylashtirilgan.

Umuman, avvalgi yillarda 300 dan ziyod yoʻlovchi va texnik xizmat vagonlari ishlab chiqarilib, 50 dan oshigʻi eksportga yuborilgan. Bundan tashqari, 112 ta metropoliten vagonlari modernizatsiya qilingan.

Ular 28 yil davomida foydalanishga moʻljallangan va xalqaro talablarga toʻliq javob beradi, yoʻlovchilar uchun har tomonlama qulay, yuqori sifat va xavfsizlikka ega.

Vagonlarda isitish va sovutish tizimlari, havo aylanishi yanada yaxshilangan. Suv isitish uskunasi ham elektr energiyasida, ham koʻmirda ishlashga moʻljallangan. Yoʻlovchilarni toza va salqin ichimlik suvi bilan taʼminlash, telefon quvvatini toʻldirish uchun maxsus moslamalar oʻrnatilgan. Bu yerda 619 nafar muhandis-ishchi mehnat qilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz vagonlarga chiqib koʻrdi. Ularning dizaynini oʻzgartirish, yoʻlovchilarga qulayliklarni oshirish zarurligini taʼkidladi. Elektr poyezdlar tarmogʻini kengaytirib, aholi koʻp tumanlarga olib borish, sohaning alohida generatsiya quvvatlarini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Joriy yilda yana yuzlab vagonlarni qurish va taʼmirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kon-metalurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish, keng kupeli yangi turlarni oʻzlashtirish koʻzda tutilgan.

Shu yerda zavodda rejalashtirilayotgan yangi yoʻnalish – elektr va metropoliten poyezdlari loyihasi koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Toshkent-Xiva yoʻnalishiga qoʻyiladigan tezyurar poyezd haqida axborot berildi. Prezidentimiz bu haqda 2022-yilda Xorazmda Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilish marosimida aytgan edi. Bu uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi moʻljallangan. 7 vagonga ega elektropoyezd 351 ta oʻrindiqqa ega boʻladi. Soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi.