Yangiliklar

Qoʻqon aeroporti 1-apreldan oʻz faoliyatini qayta tiklaydi

Qoʻqon aeroporti 1-apreldan oʻz faoliyatini qayta tiklaydi
Foto: “Uzbekistan Airways” matbuot xizmati

Fargʻona viloyatida “Qoʻqon” aeroportini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Bu haqda “Uzbekistan Airways” matbuot xizmati xabar berdi.

20-mart kuni ertalab aeroport birinchi texnik parvozni qabul qildi – “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining A320 NEO samolyoti ekipaji Qoʻqon aeroportiga qoʻndi.

Viloyat aeroportida uchish-qoʻnish yoʻlagi 2000 metrgacha uzaytirildi hamda A320 va ATR72-600 rusumli samolyotlar uchun ikkita toʻxtash joyiga ega perron rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, aeroportda 100 kishiga moʻljallangan 900 kv.m maydonli yangi yoʻlovchi terminali qurildi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining tajribali uchuvchilari tomonidan Toshkent – ​​Qoʻqon yoʻnalishi boʻyicha amalga oshirilgan texnik parvoz aerodromning samolyotlarni qabul qilish va joʻnatishga hamda terminalning yoʻlovchilarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatishga toʻliq tayyorligini koʻrsatdi.

Muntazam parvozlarni 2024-yil 1-apreldan boshlash rejalashtirilgan.