Jamiyat

Zo’ravon va firibgar logopedga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Zo’ravon va firibgar logopedga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda bir ayol duduqlangan bolani so‘kinish va qo‘rqitish usulida davolashga uringani aks etgan video tarqalgandi. Holat bo’yicha Bolalar ombudsmani o’rganish olib bordi.

Ombudsman kiritgan so‘rovi asosida  D.J. ning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish uchun malakali defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh o’rganish olib bordi. Natijda, pedagog D.J. ning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekani aniqlangan.

Shuningdek, D.J. ning duduqlanishni bartaraf etishda qo‘llayotgan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Yunusobod tumani IIO TB olib borgan tergovga qadar tekshiruv materiallari Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan nazorat doirasida o‘rganilib, ekspertlar ishchi guruhi xulosasi va aniqlangan boshqa holatlar asosida, D.J. ning harakatlarida aldash va odamlarni ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini va uning mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan va joriy yilning 27-fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.