Iqtisod

2017-2023-yillarda meva-sabzavotlar eksporti qiymati 1,8 barobar oshdi

2017-2023-yillarda meva-sabzavotlar eksporti qiymati 1,8 barobar oshdi
Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023-yillarda meva-sabzavotlar eksporti dinamikasini tahlil qildi.

Tahlil natijalari 2017-2023-yillarda meva-sabzavotlar eksporti qiymati 1,8 barobar oshganligini koʻrsatdi, yaʼni 2017-yilda eksport hajmi 645,6 million AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda 1180,8 million AQSH dollarini tashkil qilgan.

Ayniqsa, dukkakli sabzavotlar (231,5 million AQSH dollariga oʻsish), oʻrik, gilos, olcha, shaftoli, olxoʻri (58,3 million AQSH dollariga oʻsish), piyoz va sarimsoq (54,6 million AQSH dollariga oʻsish), quritilgan mevalar (42,7 million AQSH dollariga oʻsish), qovun va tarvuz (36,7 million AQSH dollariga oʻsish) eksporti juda tez surʼatlar bilan oʻsgan.

2023-yilda meva-sabzavotlar eksporti tarkibida dastlabki 3 ta oʻrinni mosh (10,2 foiz), uzum (7,3 foiz) va mayiz (5,8 foiz) egalladi.

2023-yilda eksport bozorlari beshtaligiga Rossiya (437,4 million AQSH dollari), Pokiston (197,6 million AQSH dollari), Xitoy (144,9 million AQSH dollari), Qozogʻiston (121,2 million AQSH dollari) va Qirgʻiziston (71,2 million AQSH dollari) kirdi.